Thursday, 12 May 2016

O'ylamasdan cho'qilgan don....

O'ylamasdan cho'qilgan don,  Bo'lar ekan ofati jon

              Kollejdagi barcha darslarda birdek faol ishtirok etib keluvchi dugonam Malika yaqin kunlarda ancha o'zgarib qoldi. Uning ruhiyatida, yurish-turishida va xatti-harakatlarida sodir bo'layotgan bu o'zgarishlar meni tashvishga solgani bois o'zimni qiynayotgan savollarga javob olmoqchi bo'ldim va darsdan qaytayotganimizda undagi ruhiy tushkunlikning sababini so'radim. Dugonam ancha sukutdan so'ng uylariga sovchi kelganini, oila a'zolari uni turmushga bermoqchi ekanliklarini aytib, ko'ziga yosh oldi. Uning bu gaplarini eshitrib men ham ancha payt o'zimga kelolmay qoldim. Hali 17 ga ham kirmagan Malika ro'zg'or qiyinchiliklari-yu yangi hayotga tayyormikan? Nahotki uning ota-onasi asrab-avaylab voyaga yetkazgan guldek qizlarini oila qurishga tayyor deb hisoblasalar?! Ustiga-ustak u hali 12 yillik majburiy ta'limni ham to'liq ado etmagan bo'lsa...



               Eng yomoni shundaki, faqatgina Malika emas, bugungi kunda ko'pgina qizlarimiz majburiy ta'limni ado etmay turib nikoh qurishyapti. Jamiyatimiz orasida bu muammo ancha vaqtdan beri o'z dolzarbligini yo'qotmay kelmoqda. Bilamizki, oila qurish- bu inson hayotining eng mas'uliyatli shu bilan birga, eng muhim bo'g'inidir. Tomonlar roziligi asosida va o'z vaqtida tuzilgan nikohlar mustahkam oilaga zamin bo'la oladi. Oilalar mustahkamligi esa jamiyat taraqqiyoti, davlat barqarorligini, qolaversa, sog'lom kelajakni ta'minlaydi. Demak, obod oila- ertamizning asosidir. 



               Shuning uchun ham bugungi kunda mamlakatimizdagi har bir oilaning mustahkam negizda qurilishiga erishish va shu oilada tug'ilajak farzandlarning jismonan,ruhan sog'lom bo'lishi, farovon muhitda kamol topishini kafolatlaydigan zarur shart-sharoitlar yarailgan. Oilalarimizning barqaror bo'lishi maqsadida qator qonun va qarorlar ham joriy etilganligi fikrimizning yaqqol isbotidir. Shunday bo'lsada bugun mamlakatimizda erta turmush holatlari va shuning oqibatida vujudga kelayotgan oilalar ajralishi, nosog'lom farzandlar tug'ilishi kabi salbiy jihatlar ham yo'q emas. Qizlarining taqdiri, baxt-iqboli haqida o'ylamay turib 16-17 yoshida turmushga berayotgan ota-onalar atrofimizda talaygina. Bu yosh - oila tashvishlari, uy yumushlari, shu bilan bir qatorda, sog'lom farzandni dunyoga keltirish va tarbiya qilish uchun yetarlimi? 16 yoshli qiz 12 yillik ta'lim bosqichlaridagi bilimlarni , ma'lum bir kasb yo hunarni egallamagan bo'ladi. Bu esa tuzilajak turmushning moddiy va ma'naviy hayotiga ham jiddiy ta'sir etadi. Shuni ham ta'kidlab o'tish joizki, erta, voyaga yetmasdan turmush qurganlarning aksariyati ota-onasining qaramog'ida yashaydi yoki turmushiga darz ketadi. Statistik ma'lumotlarga qaraganda, buzilayotgan nikohlarning aksariyat qismini yosh turmush qurgan oilalar tashkil etar ekan.



             Ommaviy axborot vositalari hamda tegishli muassasalar, oila markazlari tomonida erta turmushga qarshi olib borilayotgan targ'ibot tashviqot ishlari davomida  ham ushbu muammoning dolzarblik qiymati kamaymayapti. Nahotki, ota-onalar farzandlari hayotida bir marta sodir bo'ladigan umr savdosi bo'lmish nikoh masalasiga loqaydlik bilan yondoshsalar. Yo'q, ushbu fikrni har doim ham tasdiqlayverish to'g'ri emas! O'zbek otalari, onalari hech qachon o'z farzandlarining kelajagiga bunday befarq qarashmasligini barchamizga yaxshi ma'lum. 

               Aslida, erta turmushlarning ko'pchiligi yoshlarning o'ylamay chiqargan qarorlari, xatolari tufayli vujudga kelmoqda. Maktab, kollej yoshidagi qizlarning o'qishdan chalg'ib, turli hissiyotlarga berilishlari o'z kelajaklariga jiddiy ta'sir etib, salbiy oqibatlarni yuzaga keltiryapti. Natijada, nikohdan so'ng, ro'zg'or yumushlarini eplolmagan, nimjon yoki nogiron farzandni dunyoga keltirgan yosh ona yangi oila a'zolarida, turmush o'rtog'idan ko'p dashnomlar eshitadi. Vujudga kelgan janjallar oqibatida yangi oila ajralib ketadi. 

              Shundan xulosa qilib aytish mumkinki, hayotimizning qanday bo'lishi, bizning kelajak taqdirimiz , avvalo, o'zimizning qo'limizda. Dono xalqimiz : "O'ylamasdan cho'qilgan don, bo'lar ekan ofati jon" - deya bejiz aytmagan. Ajdodlarimizning purhikmat so'zlariga tayangan holatda, har bir qarorni qabul qilishdan oldin uning oqibatlarini o'ylashimiz, o'z ertamiz haqida qayg'urmog'imiz darkor. Bu masalada esa ota - onalarimiz, atrofdagilar, yaqinlarimizning pand-nasihatlariga rioya etaylik. Shunda hayot yo'llarida qoqilmaymiz, sinovlarga bardoshli bo'lamiz. 

               Aziz qizlar, kelajagimizga befarq bo'lmaylik! Zeroki, biz kelajak davomchilari, millatning yuzimiz. Prezidentimiz tomonidan 2016- yilning "Sog'lom ona va bola" yili sifatida nomlanishi ham, avvalo, biz qizlarga bo'lgan yuksak e'tibor namunasi desak, adashmagan bo'lamiz. "Yurtimizdagi har bir qiz- mening qizim, mening nabiram. Men ularni xafa qilishlariga hech qachon yo'l qo'ymayman"- deydilar Yurtboshimiz. Biz mana shunday sarbonimiz borligidan ko'ksi osmon- Nodirabegimdan mehr-u muhabbatni, Uvaysiydan go'zallig-u malohatni, Zulfiyaxonimdan mehr-u muhabbatni meros qilib olgan qizlarmiz. Shunday e'tibor va ishonchga munosib bo'lish uchun jamiyat hayotida yanada faollikka, ma'naviy kamolotga erishishga harakat qilaylik!




DILAFRUZXON

No comments:

Post a Comment