Har birimiz kundalik hayotimizda ishga, o'qishga yoki bozor-o'charga otlanayotgamimizda ko'p holllarda jamoat transportlaridan va yo'nalishli taksilardan foydalanamiz. Ushbu transport vositalari bizni tezda manzilimizga yetkazadi, ham arzon, ham qulay. Ularning ko'chalarimizda serqatnovligi bois bekatda avtobus kutishga ko'p vaqt sarflamaymiz. Ammo, bugungi kunda jamoat transportlarida ham ba'zi muammolar kelib chiqyaptiki, har qanday odam ushbu muammolarga befarq qarab tura olmaydi.Shaxsan o'zim ham o'qishga borishda ko'pincha jamoat transportlaridan foydalanaman. Oxirgi marta yo'nalishli taksiga chiqqanimda , Bir nechta muammoli holatlarning guvohi bo'ldim. Bugun ushbu muammolarning ba'zilari haqida o'z fikrimni bildirmoqchiman.
Har kuni turli xil yumushlarni rejalashtirib ko'chaga chiqamiz. Bizda shunchalar ko'p rejalar borki, ba'zan ularni amalga oshirishga vaqtimiz ham yetmaydi. Shuning uchun ham ko'pchiligimiz vaqtni tejash orqali, o'ylaganlarimizning barisiga erishishni maqsad qilamiz. Am mo atrofimizdagi ba'zi holatlar ishlarimizning to'liq amalga oshmasligiga sabab bo'ladi, ya'ni boshqalarning harakatlari tufayli ba'zi bir joylarda biz o'ylagandan ko'ra ko'proq vaqtimiz ketadi. Shunday joylardan biri - bu jamoat transportlaridir. To'g'ri, ular tezkorlik bilan harakat qilishga, manzilimizga o'ylagan vaqtimizda yetkazish uchun mo'ljallangan. Ammo, aksariyat hollarda unda sarflanayotgan ortiqcha vaqtimiz haydovchi va yo'lovchilarning xatolari tufayli vujudga kelmoqda. So'nggi bor ushbu transportdan foydalangan holda O'qishga borganimda darsga o'z vaqtida borolmadim. Sababi men foydalangan yo'nalishli taksi bekat bo'lmagan joylarda ham yo'lovchilarni qabul qilib, taksi foydalanuvchilarining e'tirozini keltirib chiqardi. Taksining har 2-3 daqiqada to'xtab, yo'lovchi qabul qilganligi bois 20 daqiqada boradigan masofamga 40 daqiqada yetib oldim. Bu hodisa esa faqatgina men foydalangan transport vositasida emas, balki barcha jamoat transportlarida juda ko'p bora kuzatiladigan holatdir. Axir shu xildagi transportlarning to'xtashi, yo'lovchilarni qabul qilishi uchun davlatimiz tomonidan avtobus bekatlari qurilgan. Ahamiyatlisi, bunday bekatlar shaharlarimizda juda ko'p. Bundan tashqari, boshqa belgilanmagan joylardan yo'lovchi qabul qilish nafaqat foydalanuvchilarning, balki ko'chalarimizda harakatlanayotgan boshqa avtomobillarning ham noroziligaga sabab bo'lmoqda. Umuman olganda, ushbu muammoli holatga faqatgina Haydovchilarni aybdor qilishimiz to'g'ri emas. Bu hodisaga, biz yo'lovchilar ham ko'p hollarda sababchi bo'lamiz. Dono xalqimiz bejizga "Qars- ikki qo'ldan chiqadi" - deb aytmagan. Axir istalgan joyda transportlarni to'xtataverib, barchaning noroziligini keltirib chiqargandan ko'ra , ozgina piyoda yurib, qonunga muvofiq ravishda bekatda kutganimiz yaxshiroq-ku! Shunda jamiyatimiz orasidagi mavjud bo'lgan bu muammoni bartaraf etishga o'z hissamizni qo'shgan bo'lamiz.
Jamoat transportlaridan foydalanayotganimizda duch keladigan yana bir muammoli holatimiz- ulardagi yo'lovchi qabul qilish sonining belgilangandan ko'ra ko'p miqdorda qabul qilinishidir. Ushbu hodisa bugungi kunda shunchalar ko'p yuz beradiki, hatto uni hozirda odatiy hol sifatida qabul qilamiz. Lekin buning oqibatida barchamiz, ayniqsa, yoshi ulug' keksalar, yosh bolali ayollar aziyat chekishmoqda. Tiqilinchda turli xil yomon holatlar vujudga keladi. Xususan, kimningdir tobi qochishi, kimningdir biror muhim narsasi yo'qolib qolishi mumkin. O'zimiz ham ishimizga shoshilganimiz bois, o'rindiq qolmaganini bilsakda , avtobusga chiqaveramiz. Axir ozgina sabr qilib keyingi avtobusni, yo'nalishli taksini kutsak, 1-2 daqiqada boshqasi keladi-ku! Bu holatda esa bizda erkin va qulay ketish imkoniyati ham mavjud. Nahotki shularni bilib ham o'zimiz va atrofdagilarimizga zarar keltiruvchi tiqilinchlarga rozi bo'lsak?!
Avtobuslardagi asabbbuzarliklar haqida fikr yuritganda, ko'z oldimizda eng avvalo avtobus o'rindiqlarining orqasiga turli "San'at asarlari"ni chizib, o'z ismlarini yozib qo'yguvchi "rassomlar" ko'z oldimizga keladi. Maktabdan, kollejdan qaytuvchi o'quvchilar yo'lda ko'p hollarda shu turdagi transportlardan foydalanishadi. Va ketishda ham bo'sh o'tirmay, avtobuslarni "bezab" borishadi.
Aziz yoshlar, ushbu transport vositalari o'z nomi bilan - jamoat transporti. Ushbu xildagi avtoulovlar jamoatimizning barcha a'zolari tomonidan keng foydalaniladi. Demak, ularda yozayotgan har bir so'zimizni minglab insonlar o'qiydi. Avtoservis markazlari xodimlari ham ularni tozalashga qancha vaqtlarini sarflashadi. Shunday ekan, undan rasmlarimiz saqlanadigan "muzey" sifatida emas, uzog'imizni yaqin qiladigan vosita sifatida, tartibli, qoidaga binoan va to'g'ri foydalanaylik. Bu orqali esa nafaqat o'zimiz, balki atrofimizdagi qanchadan qancha insonlarga ham foyda keltirgan bo'lamiz.
Muallif: Dilafro'z Istamova. Blogpost foydalanuvchisi
No comments:
Post a Comment