Thursday 12 May 2016

O'zbekligimiz- o'zligimizdir!

O'zbekligimiz- o'zligimizdir



Bilamizki, bugungi kunda qayerga qaramaylik hammaning ongida bir fikr bor: "Bugungi yoshlar "g'arb"lashib ketyapti.Qadim qadriyatlar, milliyligimiz  qayoqda qoldi?" Ishonamizmi, yo'qmi, bugun ushbu fikrni inkor etguvchilar  kamdan- kam topiladi. Aslida ham shundaymikan? XXI asr yoshlari ming asrlik sharqona madaniyatlarini o'zlariga yot bo'lgan "ommaviy madaniyat" ga alishmoqdalarmi? Endi bu savolga bugunning yoshlari tilidan javob qaytarsak! 



Yer yuzida milliardlab insonlar bor. Biroq ulardagi hech bir xususiyat  bir- birini takrorlamaydi. Dunyoqarashlar, xususiyatlar, tashqi ko'rinish, so'zlashish  hammada har xil.  Dunyo yaralibdiki, necha asrlardan buyon shu holat qaytarilmoqda. Insoniyat xar xillikka asoslangan. Faqatgina insonlar emas, balki davrlar, vaqtlar ham takrorlanmas. Ming yil oldingi zamonlardan tortib, hozirgi daqiqada olayotgan nafasimiz ham qaytib kelmaydi. Betakrorlik- hayot qonuniyatidek go'yo.  Insoniyat tarixiga nazar solsak, har bir davr oldingisidan  qandaydir yangilik, ixtiro, aytaylikki yuksalish bilan farq qiladi. Biz bilguvchi tarixning ilk davrlarida faqatgina tabiat bergan ne'matlar bilan qanoatlangan inson, bugunga kelib o'z ehtiyojlarini yuz baravardan ham ko'proqqa ko'paytirganini yaxshi anglaymiz.Texnalogiyalar ravnaqining yuqori davrlarida yashamoqdamiz. Avvalgi davr kishilaridan ko'ra yaxshiroq yashashga intilish- bizning emas, hayotning qoidalaridan biri emasmi?  Xohlaymizmi, yo'qmi, bu savolga eng to'g'ri javob "Ha!". Bizni "g'arb"lashishda ayblayotgan kattalarning Kattalari ham o'z davrida  farzandlarini zamonaviylashishda ayblashgandir. Axir dunyo faqat bugun emas, har kuni o'zgaradi. 

Biz, bugunning yoshlari g'arbona turmush tarzini yoqlamaymiz. Ajdodlardan avlodlarga meros bo'lib kelayotgan, yillar davomida sayqallanib bizgacha yetib kelgan sharqona xislatlar tarafdorimiz. Bilamizki, G'arbda ota onalar farzandlarining onggiga faqat aqlni joylashga harakat qilishadi. Bizning ota- onalarimiz esa qalblari bilan tarbiyalashadi bizni. Bizning yuraklarimizga jo bo'lgan yuksak xislatlar butun umrimiz davomida to'g'ri yo'ldan adashishimizga yo'l qo'ymaydi.

To'g'ri, Tengdoshlarimiz orasida Yevropaga taqlid qilayotganlar ham yo'q emas. Qizlarimizning milliyligimizga yot turli ochiq sochiq, kalta, tor kiyimlarda yurishlari, yigitlarimiz sochlarini bo'yab, quloqlariga sirg'a taqib, "Go'zal"lashib, turli yomon yo'llarga qo'shilib ketayotganlariga ham ko'z yumib bo'lmaydi. "Ommaviy madaniyat"ning hech qanday tomoni bizga to'gri kelmaydi. Yevropa xonandalari tomonidan kuylangan qo'shiqlarni ora-chira ko'rib qolganimizda tanalariga chizilgan turli naqshlarga ko'zimiz tushadi. Teri ostiga rasm chiziluvchi bu xavfli "san'at" turi G'arbda ancha ommalashgan. Vaholanki, ushbu "rassomchilik" dan turli xavfli kasalliklar kelib chiqmoqda va tarqalmoqda. Achinarlisi, so'nggi yillarda yurtimiz shaharlarida ham ko'p bora shunday holatga duch kelyapmiz. Ko'plab yoshlarimiz shu "san'at" ga ergashishyapti. Faqat bu emas, "ommaviy madaniyat" yoshlarning kiyinishiga ham ta'sir o'tkazdi. Bozorlarimiz "Yevropalashgan" kiyimlar bilan to'la! Faqatgina yoshlar emas, kattalar ham ularning tillari bilan aytganda "qulay" va "zamonaviy" kiyimlardan foydalanishyapti. Go'yoki bu zamon talabidek! G'arbda Sharqona xislatlar, qadriyatlar ulug'lanayotgan bir paytda bizning odamlar o'zliklaridan kechishmoqdami? 



 Lekin ularning bu ishlari uchun butun O'zbekiston yoshlarini milliylikni unutishda ayblash noto'g'riku! Ular ko'r ko'rona ergashib ketayotgan yo'l bizning yo'limiz emas! Ularni yaxshi yo'lga chorlash bizning maqsadimiz.  Biz o'z yo'limizni barqaror tanlab olganmiz. Bu maqsaddan bizni hech qachon hech bir o'zgarish qaytara olmaydi. 

Zamon bizga juda ko'p talablarni qo'ymoqda. Ularni ado etib, davrning yetuk kishisi bo'lib yetishishni ko'zlaganmiz. Yaxshini yomondan ajratmoq uchun ota- bobolarimiz yetalicha pand-nasihatlar, o'gitlar berishgan .Olloh bizga Haqiqiy go'zallikni bilmoq, tushunmoq uchun tafakkur ato etgan. Biz farqlay olamiz: G'arbliklar tanlagan ochiq-sochiq kiyimlar, sog'ligimizga zarar bo'lgan begona bezaklar(ommalashib borayotgan sochlarni rang baranglashtirish va tatiurovkalar haqida) yoki daxshatli bayramlar(Hellowen)dan ko'ra, sharqliklarga xos milliy, rangin hamda qulay liboslar, bir biridan go'zal bayramlarning ming karra yaxshiroq ekanligini. Haqiqiy go'zallikni hech kim rad eta olmaydi. Na biz, na bizdan keyingi kelajak!

O'zbekligimiz- o'zligimizdir. O'zligimizni hech kim tortib ololmaydi. 

Dilafro'z Istamova.Buxoro viloyati,Shofirkon tumani

No comments:

Post a Comment