Thursday 12 May 2016

MAHALLAMIZ MASLAHATCHILARI

"Fuqarolar yig’inlarining eng namunali diniy ma’rifat va ma’naviy axloqiy tarbiya masalalari bo’yicha maslahatchisi” ko’rik tanlovi haqida



Jamiyatimiz taraqqiyotini bugungi yuksak bosqichga ko’tarishda dunyoda o’xshashi kam bo’lgan noyob tuzilma – mahalla faollarining,xususan, diniy ma’rifat va ma’naviy axloqiy tarbiya masalalari bo’yicha maslahatchi bo’lib ishlayotgan, ko’pni ko’rgan,jonkuyar opa-singillarimizning beqiyos hissasi borligi,el-u yurtimiz o’rtasida sog’lom muhitni mustahkamlash, xonadonlarda turli gina-yu arazlarning oldini olish, yosh oilalarni qo’llab quvvatlash borasida o’zini ayamasdan mehnat qilayotgan fidoyilarimizning jamiyatimizsagi o’rni va ahamiyati barchamizga yaxshi ayon. 

Yurtboshimizning farmonlari asosida bundan 12 yil oldin tizimda tashkil etilgan diniy ma’rifat va ma’naviy axloqiy tarbiya masalalari bo’yicha maslahatchilar lavozimida boy hayotiy tajribaga ega bo’lgan, aholiga, birinchi navbatda yoshlar o’rtasida sog’lom turmush tarzunu qaror toptirish, ibratli milliy diniy an’analar hamds urf-odatlarni rivojlantirish masalalarida ijobiy ta’sir o’tkaza oladigan obro’li hamda faol xotin qizlarning faoliyat ko’rsatayotganliklari o’z samarasini bermoqda. O’tgan davr mobaynida maslahatchilar tomonidan yoshlar tarbiyasi, milliy an’analarni saqlash va rivojlantirish ,o’zaro mehr-oqibat tuyg’ularini targ’ib etish, hududda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, millatlararo do’stlik va hamjihatlikni mustahkamlash kabi keng qamrovli vazifalarni bajarishda xalqimiz ishonchiga sazovor bo’lganligini ko’rsatadi. 

Ayni paytda ular tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarni o’rganish, ilg’or ish tajribalarini ommalashtirish maqsadida har yili O’zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi  tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Fuqarolar yig’inlarining eng namunali diniy ma’rifat va ma’naviy axloqiy tarbiya masalalari bo’yicha maslahatchisi” ko’rik tanlovini o’tkazish yaxshi an’anaga aylandi 

Bir necha kun ilgari Shofirkon tumanida ham ushbu tanlov ko’tarinki ruh va sog’lom raqobat ostida o’tkazildi. Mahalliy bosqichlarda qatnashgan 38 nafar maslahatchilar orasidan tanlab olingan 7 nafar maslahatchi tuman g’olibligi uchun harakat qildilar. Tadbirni “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo’linmasi raisi Erkin Hakimov ochib berdilar. Shundan so’ng esa Viloyat hokimi o’rinbosari,xotin qizlar qo’mitasi raisi Zulfiya To’yeva tabrik so’zi ila barcha ishtirokchikarga omad tiladilar. Tadbir uch shart asosida o’tkazildi. Birinchi shartda o’zlarining keng ko’lamli ishlari hamda turli dolzarb mavzular bo’yicha taqdimot amalga oshirilgan bo’lsa,ikkinchi shartda ishtirokchilar ushbu sohaga oid turli tuman savollarga javob berishdi. Uchinchi shart Erkin mavzu deb nomlanib, maslahatchi opalarimiz she’rlar,xalq qo’shiqlari bilan tomoshabinlar qalbini xushnud etishdi. Har bir shart qur’a tashlash asosida o’tkazildi. Tadbir yakunida 97 ballni qo’lga kiritgan “Guliston” mahalla maslahatchisi Yusupova Saodat 1-o’ringa munosib ko’rildi. Hamma ishda faol bo’lgan Saodat opa g’alabadan yanada ruhlanib, dil so’zlari va fashakkurlarini barchaga ulashdilar: - Men ushbu o’ringa munosib ko’rilganimdan juda ham xursandman. Ushbu g’alaba menga yanada ko’proq ishlash va izlanish uchun iroda va sabot, eng asosiysi mas’uliyat baxsh etadi. Endi yanada yaxshiroq harakat qilib, viloyat va respublikada ham 1-o’rinni qo’lga kiritish uchun harakat qilaman. 

2, 3-o’rinlar ham aniqlanib diplom va esdalik sovg’alari bilan taqdirlanishdi. Qolgan maslahatchilar esa faol hamda go’zal ishtiroklari uchun  turli nominatsiyalar bo’yicha faxriy yorliq va sovg’alarga ega bo’lishdi. Barchaga ajoyib kayfiyat va ma’naviy ozuqa baxsh etgan ushbu tadbir maslahatchilarni bundan keyin ham jamiyatimiz hayotida yanada faolroq harakat qilishga chorlayveradi. Zero, Obod mahala- xonadonlarimiz osoyishtaligi garovidir!


No comments:

Post a Comment